2018-yilda Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bolalar kardiojarrohlik bo‘limining tashkil etilishi zamonaviy shifo maskanlari sonini yana bittaga ko‘paytirdi. Kuni kecha markazda sun’iy qon aylantirish uskunasi yordamida to‘xtatilgan yurakda o‘n nafar bemorda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Klinikada olimlar va malakali shifokorlar bilan bir qatorda Moskvadagi A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida faoliyat yuritgan uch nafar o‘zbekistonlik shifokor — tibbiyot fanlari nomzodi Maqsud Saidov, malakali shifokorlar Ikrom Mallayev, Mirzohid Temirov O‘zbekistonga qaytib, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Shunday yuqori malakali mutaxassislar jamlangan kardiojarrohlik bo‘limida bir yilga yaqin vaqt mobaynida 80 nafardan ko‘proq bemor bolada yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsonlarining turi ko‘p. Ularning ba’zilarini yopiq yo‘l bilan operatsiya qilish orqali davolash mumkin. Biroq, yurak klapanlari bilan bog‘liq murakkab patalogiyalarni faqat ochiq operatsiya usulidagina bartaraf etish mumkin. Bu operatsiyani o‘tkazish uchun sun’iy qon aylanish apparati va boshqa zamonaviy tibbiy sharoitlar, eng muhimi, malakali mutaxassislar hamkorligi talab etiladi. Ayni paytda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shunday sharoit yaratilgan.
17-yanvar kuni markazda bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni va qorinchalararo to‘siq nuqsoni bo‘lgan ikki turdagi yurak porogi operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalanib o‘tkazilgan operatsiyani rossiyalik mutaxassislar kuzatib bordi. Yaqin kunlarda bo‘limda yana o‘nlab bemor bolalarda shunday noyob jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, joriy yil mobaynida esa yana 300 nafardan ziyod bemor bolaga shunday yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Izoh (0)