Odamzot koinotni zabt etib, boshqa sayyoralar yoki tabiiy yo‘ldoshlarda koloniyalar yaratishga harakat qilyapti. Lekin u koloniyalarga Yerdan kerakli miqdorda metall olib borib bo‘lmaydi. Bu masalani qanday hal qilishi mumkinligi haqida muhandis Muzaffar Qosimov fikr yuritadi.
Odam poyqadami Oyga yetib borganiga yarim asrcha bo‘lib qoldi. Biz allaqachon Xalqaro kosmik stansiya barpo etdik va u joyda, ya’ni Yerdan tashqarida odamlar yashab, ishlashmoqda. Yirik korporatsiyalarda esa, Marsga va hatto Veneraga uchish loyihalari pishib yetilmoqda. Lekin kosmik kemalarimiz jamiki koinotni kezib yurgan bir paytda, muhandislar o‘ta muhim bir narsani sal e’tibordan chetda qoldirgan: koinotni o‘zlashtirishda o‘sha Mars yoki aytaylik Titanda (Saturn yo‘ldoshi, unda hayot bo‘lishi mumkin) koloniya qurishda bizga ko‘plab ming tonna metall kerak bo‘ladi. Kerakli miqdordagi metallni esa u yoqqa Yerdan tashib borish ancha qimmat va qiyin vazifa bo‘ladi. Bu va bunga yondosh boshqa vazifalarni hal qilishda esa koinotning o‘zidagi tayyor metall konlaridan – asteroidlardan foydalanish mumkin!
Aslida koinotni o‘zlashtirishni avvalo o‘sha metallarga boy asteroidlardan boshlash kerak: Marsni va Titanni o‘zlashtirish singari favqulodda xayolparast rejalar xayol o‘laroq qolib ketgan taqdirda ham, asteroidlardan olingan metallarni Yerning o‘ziga olib kelib, turli maqsadlarda ishlatish mumkin bo‘ladi. Ayniqsa Yer sharoitida kamyob metallarni osmondan olib tushish juda katta naf keltirishi mumkin.
Masalan, xonadonlardagi elektr o‘tkazgich simlari odatda mis yoki alyuminiydan tayyorlanadi. Lekin ushbu metallar, masalan, kumush, oltin va platinaga qaraganda ancha past samaradorlikka ega o‘tkazgichlardir. Lekin, shunga qaramay, mazkur metallarning tabiatda ancha kamyobligi va juda qimmatligi bois, sifati past o‘tkazgich bo‘lsa-da, biz alyuminiy yoki misdan foydalanishga majburmiz. Asteroidlar esa tom ma’noda osmonda uchib yurgan tayyor kon deyish mumkin. Asteroidlarda kremniy, platina, mis, tilla, kumush, qalay, xullas, Mendeleyev davriy jadvalidagi boshqa ko‘plab metallarni topish mumkin.
Masalan, kumush elektr tokini eng yaxshi o‘tkazgich bo‘lib, u tokni eng past qarshilik bilan o‘tkazadi. Bu degani, energiya yo‘qotishlarini eng minimal daraja bilan iste’molchiga yetkazsa bo‘ladi. Lekin kumushdan tayyorlangan simning qiymati mis simnikidan 9 barobar, alyuminiy simdan 13 barobar qimmat bo‘ladi. Shuningdek, o‘tkazgich simni tilladan ham qilsa bo‘ladi. Uning narxi qancha bo‘lishini o‘zingiz tasavvur qilib olavering.
Kumush va tilladan tayyorlangan o‘tkazgich simlardan maishiy maqsadlarda foydalanish favqulodda qimmatga tushishi sababli bunday simlardan faqat favqulodda muhim obyektlarda elektr energiyasini uzatish uchun ishlatiladi. Xususan, o‘sha Xalqaro kosmik stansiyadagi uskuna va apparatlarda shunday simlar qo‘llanadi. Chunki ochiq koinot sharoitida energiyani imkon boricha tejash va eng samarali usul bilan uzatish shart.
Boz ustiga, metallar o‘tkazgichlik xossasidan tashqari, yana boshqa ko‘plab jihatlari bilan insoniyatga naf keltiradi. Masalan, ular issiqlikni yaxshi o‘tkazadi va radiatsiyadan yaxshi himoyalaydi. Bu esa, aytaylik, yana o‘sha Marsni o‘zlashtirishga borga ilk odamlarga qo‘l keladi. Qolaversa, bizga Yer sharoitida yetishmayotgan va sintez qilinishi o‘ta qimmatga tushayotgan noyob metallar, masalan, kaliforniy, plutoniy, uran va hokazolarni ham asteroidlar berishi mumkin. Ushbu metallar bizga arzon energiya ishlab chiqarishda juda qo‘l kelgan bo‘lur edi.
Ushbu rasmda 2001 UW158 asteroidi ko‘rsatilgan.
U taxminan 300 mz hajmga ega. Mazkur asteroid 2015-yilda Yerga eng kichik masofagacha yaqinlashib kelgan. Tahlillarga ko‘ra, uning turgan-bitgani boylik. Ya’ni mazkur asteroid platinadan tashkil topgan. Uni bir bo‘lak ulkan platina qoyasi deyish ham mumkin. Undagi platina miqdori Yerdagi barcha konlardagi umumiy platina zaxirasidan 2,3 barobar ko‘proqdir.
Platinaning nodir va qimmat ekanini yaxshi bilasiz. U sanoat uchun katalizatorlar ishlab chiqarishdan tortib, tish plombalari tayyorlashgacha bo‘lgan juda katta qamrovda qo‘llaniladi. Kelajakda Yerda platina yetishmasligi boshlanishi ham ehtimoldan xoli emas; ana o‘shanda shu va shu singari asteroidlardan “qazib” olingan platina yerliklarga yordamga kelishi mumkin. G‘arbdagi bir necha innovatsion kompaniyalar, xususan, Planetary Resources, Deep Space Industries singarilar ushbu asteroiddan platina “qazib olish” va yerga yetkazish borasida tom ma’nodagi “astronomik rejalar” tuzmoqda.
Quyidagi suratda esa 16 Psixeya asteroidi tasvirlangan.
U ham tom ma’nodagi qimmatbaho toshdir. 180 kilometr diametrga ega ushbu ulkan xarsang ichida temir, nikel, kumush, oltin va platina zaxiralarining hozirgi iste’mol darajasi bo‘yicha yerliklar uchun ming yilga yetadigan uyumi mavjud! Ushbu asteroid qa’ridagi qimmatbaho metallarning umumiy qiymati 10 kvdarillion dollar deb baholangan. Bu qiymat hozirgi jahon iqtisodiyotning umumiy qiymatidan deyarli 200 barobar katta qiymatdir.
NASA 2022-yilda mazkur qimmatbaho asteroidga zond jo‘natmoqchi. Rejaga ko‘ra, o‘sha zond 16 Psixeyaga 2026-yilda yetib boradi. Zond asteroidni batafsil o‘rganadi va undagi metallarni qazib olish imkoniyatlarini baholaydi.
Ushbu rejalar qanchalik haqiqatga yaqin?
Aytish mumkinki, asteroidlardan metall qazib olish rejasi Marsga yoki Titanga odam uchirish rejasidan ko‘ra reallikka yaqinroqdir. Chunki bunda odam hayotini xatarga qo‘yish shart emas va maxsus uskunalar va robotlar vositasida asteroidlardagi metallga ega chiqish mumkin. Ikki yil avval Yerdan uchgan “Rozetta” apparati Churyumov-Gerasimenko kometasiga yengil qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan edi. Buning uchun 13 yil kerak bo‘lgan va odamzot koinotda katta tezlik bilan uchib ketayotgan kichik jismga zond qo‘ndirishni uddalagan. Bu esa asteroidlarga qo‘nishni ham bemalol uddalay olishimizni bildiradi. Asteroidlarga ham zond yo‘llash va o‘sha joylarda tadqiqotlar olib borish uchun mo‘ljallangan astronomik loyihalar ko‘plab davlatlarda va hatto xususiy kompaniyalarda ham allaqachon mavjud. Masalan, Roskosmos va NASA’ning o‘zida asteroidlarga uchish uchun yaqin 10 yillik uchun mo‘ljallangan uchta loyiha bor. Shunday ekan, endilikda kosmik kemalarimiz butun koinotni shunchaki kezib yurmay, bizga samodan metall ham yetkazib berib turadigan zamon yaqin. Ishonavering.
Izoh (0)