Guliston shahrida Yangi yil bayrami kuni o‘z faoliyatini boshlagan “Uchrashuv” kafesida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev xalqaro va mamlakat miqyosidagi bellashuv, tanlov va fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan yosh sportchilar, iste’dodli yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Hokim viloyat yoshlarining turli tanlovlarda erishayotgan yutuqlari, ayniqsa sirdaryolik yosh sportchilar jahon miqyosidagi sport bellashuvlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilayotganlarini faxr bilan tilga oldi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan va oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlari, yosh tadbirkorlar uchun ajratilayotgan bank kreditlari, yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari to‘g‘risida ham atroflicha to‘xtaldi.
Tadbirda viloyat hokimiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining tashakkurnomasi topshirildi.
Yoshlar turli masalalar yuzasidan viloyat hokimiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Har bir savol, masalaga aniq va atroflicha javob berilishi bilan birga, yoshlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Izoh (0)