“Korzinka.uz” do‘konlar tarmog‘ining rahbari Zafar Hoshimov siyosatdagi islohotlarga munosabat bildirdi. Bu haqda tadbirkor Telegram kanalida ma’lum qilgan.
Qator o‘zgarishlar sifatida amaldagi qonunchiligimizda qayd etilgan soliq va bojxona tizimidagi yangiliklar vatanimizda hamon iqtisodiy islohotlar jadal davom etayotganligi dalili, deb aytishimiz mumkin.
Qabul qilingan qadamlar haqida o‘zaro tafovutli sharhlar, ba’zi hollarda esa hatto bir-biriga zid kelayotgan fikrlar yangrasa-da, bular orasida, iqtisodiy islohotlarni yanada tezroq va qat’iyroq olib borish tarafdorlari bilan bir qatorda, eski tizimni saqlab qolish kerak edi, deb o‘ylaydiganlar bor ekanligiga e’tibor berish lozim. Har ikkala toifa vakillari tomonidan bo‘lgan ko‘plab tanqidlarni inobatga olganda ham, qabul qilingan qarorlarni umumiy qilib — ijobiy, deb baholash kerak.
Soliq va bojxona siyosatiga yo‘naltirilgan islohotlar ketidan alaloqibat nimalarga erishildi:
- Mehnat solig‘i ham ish beruvchilar, ham ishchilar uchun maqbulroq shaklga keldi;
- Kompaniyalar o‘sishi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan aylanma mablag‘lardan olinadigan soliqlar bekor qilindi;
- Iqtisodiyotimizni zaiflab, noraqotbatbardosh qiluvchi, sanoat ishlab chiqarishini sezilarli parchalab kelgan, ishlab chikarishni nihoyatda rivojlanmagan, uning mahsulotlarini esa qimmat qilgan soliq turi – YaST (yagona soliq to‘lovi) ko‘plab korxonalar uchun endi o‘tmishda qoldi;
- Daromad va dividendlardan olinadigan soliqlar kamaytirildi;Keng turdagi tovarlar assortimentiga aksiz soliqlar kamaytirildi yoki butkul bekor qilindi, shuningdek, keng turdagi mahsulotlarga bojlar kamaytirildi yoki butkul olib tashlandi;
- Bojxonada yuklarni rasmiylashtirish jarayonida bir qator yirik yengilliklar, soddalashtirishlar hamda mukammallashtirishlar kuchga kirish arafasida;
- Bir qator faoliyat turlariga litsenziyalar bekor qilindi, jumladan, asosiylari qatorida ulgurji savdo litsenziyalash tartibi bekor qilindi. Boshqa bir qator faoliyat turlariga esa litsenziya olish boshlang‘ich talablar hamda litsenziya berish uchun ketadigan vaqt kamaytirildi, litsenziyalar yaroqlik muddati uzaytirildi;
- Davlatning iqtisodiy siyosati ancha shaffof ko‘rinish oldi: biz endilikda turli OAVlar orqali bundan ikki yil avval hatto orzu qilib ham bo‘lmaydigan davlatning makro-iqtisodiy va monetar siyosati haqida axborot va ma’lumotlarni muntazam ravishda olib turibmiz.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, hech bir islohot, nafaqat barchani birdek qoniqtira olmaydi, balki, ustiga-ustak, biror kimsa yuqki, unga barcha o‘tkazilayotgan amallar bir hilda yoqsa. Shaxsan o‘zim ham qabul qilingan qadam va choralardan to‘liq qoniqdim, deya olmayman.
Ammo shu bilan birgalikda shaxsiy qarash, qiziqish va afzalliklarimni chetga surib, yondashuv va mayda jihatlardagi turfaliklarga mukkasidan ketmay fikr qilsam, iqtisodiyotimizda o‘tgan o‘n yillar davomida bir joyda depsinib turgan turg‘unlikdagi holatdan ko‘ra, o‘zgarishlar ancha ijobiy yo‘nalishda ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, dunyo tarixidan bizga ma’lum bo‘lgan barcha muvaffaqiyatli islohotlarning asosiy negizi shu mamlakat xalqining yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchi, islohotlar muvaffaqiyatiga bo‘lgan ishonchi, ularni tatbiq etishdagi qat’iyat va tinmas harakati, qolaversa, tatbiq etilayotgan o‘zgarishlarning mahsuli, natijasini kutishda namoyon qilayotgan sabr-toqati kabi hislatlaridan iboratdir.
Islohotlar — bu, albatta, kelajak sari chorlovchi katta yo‘l. Bu — shijoat, butun bir xalqning ommaviy mehnati sanaladi. Mukammallik faqat O‘ziga xos bo‘lgan bu dunyoda, rivojlanishning asl ma’nosi muntazam ravishda oz-ozdan bo‘lsa-da, to‘g‘ri yo‘nalishda ishonch yo‘qotmasdan, hafsalani pir qilmasdan, qiyinchiliklarga bosh egmasdan kat’iy kadam bosib borishning o‘zidir.
Yil oxiri, uning natijalari, kutilgan va amalga oshirilgan amallar haqida xulosalarim va o‘ylarim shulardan iborat.
“Optimizmni, kelajakka bo‘lgan ishonchni saqlab qoldingizmi?” deb so‘rasangiz, “Ha. Shak-shubhasiz”, deb javob beraman.
Izoh (0)