O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida “Yoshlar — kelajagimiz“ Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh ko‘magida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida aholining 3 mingdan ziyod muammosi hal qilindi, 275 tadbirkorga 43 milliard so‘m kredit ajratildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shuningdek, ishchi guruh 22 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Madaniyat, Kushek, Jumagul, Tinchlik, Paxtazor, Do‘stlik, Beruniy mahallalarida ichimlik suvi ta’minoti qayta tiklanishini, 78,5 kilometr avtomobil yo‘llari va 36 jamoat transporti bekati joriy va kapital ta’mirlanishini ta’minladi.
Yosh oilalar uchun uy-joy va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasasi, bolalar ijodiyoti markazi, sport va bolalar maydonchalari, istirohat bog‘i, yoshlar tadbirkorligi uchun obyektlar joylashgan “Yoshlar — kelajagimiz” majmuasi qurib bitkazilishiga ko‘maklashdi.
Majmua tarkibida zamonaviy axborot-resurs markazi tashkil qilindi. Markaz yuqori sozlamali kompyuter texnikalari va optik tolali internet aloqa tizimi bilan ta’minlandi. Shuningdek, mazkur tizim davlat organlari saytlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi tarmog‘i hamda ZiyoNET ta’lim portaliga ulandi.
Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari jadallashtirildi. Xususan, tuman hududida velosiped ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxona tashkil etish bo‘yicha 80 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda 3 mingdan ziyod, shundan 70 foizi yoshlarga mo‘ljallangan yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirildi.
Izoh (0)