O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirligi Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda xalq ta’limi tizimida ingliz tili o‘qitilishida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi milliy jamoasining yig‘ilishi 3—12-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabariga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Xalq ta’lim tizimini isloh etish milliy vazifalarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri zamonaviy mehnat bozorining talablariga javob beradigan xodimlarni tayyorlash uchun ingliz tilini sifatli o‘qitishdir.
Maktablarda ingliz tili o‘qitishni isloh etish uchun milliy jamoa tuzildi va unga o‘qitish, o‘quv dasturlari va materiallari, ingliz tili bilish darajasini baholash tizimini ishlab chiqishda mutaxassislar jalb etildi.
Bugungi kunga kelib, jamoa butun O‘zbekiston bo‘yicha barcha o‘rta ta’lim maktablarida ingliz tili o‘qitish amaliyoti bo‘yicha birlamchi tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqotning birlamchi natijalarini muhokama etish uchun hamda boshlang‘ich va o‘rta maktablar uchun darsliklarni tayyorlash tajribasini o‘rganish milliy guruhning seminariga Buyuk Britaniyaning maktablarda ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha konsultant Vendi Arnold taklif etildi.
Vendi Arnold ingliz tili o‘qitish va yangi avlod darsliklarini yaratish bo‘yicha 25 yillik tajribaga ega. Arnold xonim Yevropa, Osiy, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida ta’lim sohasini isloh etish bo‘yicha loyihalarda konsultant sifatida ishlagan. U boshlang‘ich maktablar uchun darsliklar yaratish mualliflar guruhi konsultanti bo‘lib ishlagan va O‘zbekiston xalq ta’limi tizimi bilan yaxshi tanish.
Ta’lim tizimi islohotlarida tizimli yondashuv muhimligini qayd etgan holda, Arnold shunday dedi: “Ta’lim tizimi va o‘quv dasturlari o‘zgarishi o‘qituvchilarni tayyorlash tizimi bilan birgalikda olib borilishi kerak.”
Vendi Arnold va milliy jamoa hamkorlikda o‘rta maktab ingliz tili o‘qituvchilari malakasini oshirishning zamonaviy dasturini yaratish ustida ish olib boradi. Ushbu dastur moduli mamlakatning 17 universitetida ingliz tili o‘qituvchilarni tayyorlash tizimida foydalaniladi.
Dastur yakuniga ko‘ra, milliy jamoa mahalliy va xalqaro ilg‘or tajribalarini inobatga olgan holda maktablarda ingliz tilini o‘qitish tizimini isloh etish bo‘yicha harakat rejasini ishlab chiqadi.
Izoh (0)