Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonning cho‘l hududlarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha yangi loyiha ustida ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
— Tajriba tariqasida Qorao‘zak tumanida 1 gektar yerga Eldar va Qrim qarag‘aylari ko‘chatlari o‘tqazildi, — deydi loyiha rahbari, O‘zFA Umumiy va noorganik kimyo instituti doktoranti, kimyo fanlari nomzodi Olim Asamatdinov. — Mazkur o‘simlik qurg‘oqchilik va sovuqqa chidamli. 100 yildan 600 yilgacha umr ko‘radi. Qarag‘ay juda tez o‘sadi, tuproq tanlamaydi. Uning uchun eng ma’qul tuproq – bu qumli tuproqdir.
Qoraqalpog‘iston zaminining suvi kamligini hisobga olib, ushbu ko‘chatlarni o‘tqazishda O‘zFA Umumiy va noorganik kimyo instituti sirt-faol moddalar laboratoriyasida ixtiro qilingan namlikni ushlab turuvchi gidrogellardan foydalanildi. Shaharlar atrofida, temir yo‘l va avtomobil magistrallari bo‘ylab qarag‘ayzor o‘rmonlar barpo etish ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarga yechim bo‘la oladi. Chang-to‘zon ko‘tarilishini bartaraf qiladi, qum ko‘chishining oldini oladi, yangi o‘tloqlar paydo qiladi.
Olimning innovatsion g‘oyasini yuzaga chiqarishda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamkorlik qilmoqda. Ushbu institut ko‘magi bilan Qorao‘zak tumanidan tajriba yer maydoni ajratildi.
Izoh (0)