Surxondaryo viloyati Termiz shahrida xotin-qizlar qo‘mitasi, ichki ishlar organi xodimlari hamda jurnalistlar jalb etilgan tadbir doirasida qonunga zid ravishda faoliyat yuritgan 20 ta tungi klub fosh etildi. Bu haqda Turon24 xabar berdi.
Viloyat hokimligining muammolarni o‘rganish bo‘yicha “Jamoatchilik nazorati” guruhi va Termiz shahar IIB hamkorligida Termizda tungi reyd o‘tkazildi. Dastlab kafe, bar sifatida faoliyat boshlagan, keyinchalik mijozlar sonini oshirish va qo‘shimcha daromad topish maqsadida noqonuniy ravishda tungi klublarga aylantirilgan obyektlar aniqlandi.
“Tungi soat 1 dan o‘tgan bo‘lsa-da, mijozlar orasida kollej o‘quvchilari, 18-19 yoshli o‘smirlar ham ko‘pligiga guvoh bo‘ldik”, dedi tungi reydda qatnashgan jurnalist Alyor Rajabov.
“Zolotaya bochka”, “Fumari”, “Marokash”, “Jonibek-Surxon-Termiz” tungi bar va kafelari hamda tamaddixonalari noqonuniy chilimxona, tungi raqs klubi va billiardxonalarga aylantirilgani tanqid qilindi. Tungi klublarda bo‘lgan yoshlarning ota-onalari, ular yashovchi mahallalarning mas’ullari chaqirilib, jamoatchilik ishtirokida dalolatnomalar tuzildi.
Izoh (0)