Guliston shahrining Alisher Navoiy nomidagi “Bilimdonlar maskani”da buyuk mutafakkir Alisher Navoiyga yangidan haykal o‘rnatildi, deb yozadi O‘zA.
Ushbu haykal O‘zbekiston Badiiy akademiyasi buyurtmasiga asosan taniqli haykaltarosh, O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi, akademik Ilhom Jabborov tomonidan misdan yaratildi.
“Sirdaryolik nuroniylar, ziyolilar va shahar jamoatchiligi taklifiga ko‘ra, hazrat Alisher Navoiyning haykali 1991-yili hashar yo‘li bilan o‘rnatilgan edi, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Hayotxon Ortiqboyeva. — Ishonmassiz, betondan yaratilgan o‘sha haykalni o‘rnatishga ruxsat olish uchun Moskvaga 4 marta borishga to‘g‘ri kelgan. Faqat mustaqillik arafasidagina, o‘shanda ham hashar yo‘li bilan o‘rnatishga ruxsat etilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 13-aprelda viloyatimizga tashrifi chog‘ida ushbu maskanda sirdaryolik ijodkorlar bilan uchrashgan va buyuk mutafakkir haykalini yangidan barpo etish taklifini ilgari surgan edi”.
Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari haykal poyiga gul qo‘ydi. Talaba va o‘quvchi-yoshlar ulug‘ shoir ijodidan namunalar o‘qidi.
Izoh (0)