“O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining Mirzo Ulug‘bek filialida muzey ochildi, deb yozadi O‘zA.
Shu munosabat bilan ushbu bank rahbariyati, hamkorlari, jurnalistlar jam bo‘lgan tadbirda 1895-yilda qurilgan Rossiya imperiyasi davlat bankining sobiq Toshkent filiali binosining noyob arxitekturasi va undagi bir asrdan oshiq xonalar anjomlari namoyish etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur bankning Mirzo Ulug‘bek filiali binosi rus me’morchiligining yorqin namunasi bo‘lib, 123 yildan buyon bu yerda bank-moliya muassasalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Dastlab binoda Rossiya imperiyasi davlat bankining mintaqaviy bo‘limi va 1922-yildan “Sanoatbank”ning O‘rta Osiyo bo‘limi joylashgan edi. Ushbu bank keyinchalik “O‘zsanoatqurilishbank”ga aylantirilgan.
Bugungi kunda XIX asr oxirida me’mor V.Geynzelman loyihasi bilan qurilgan ikki qavatli bino Amir Temur xiyoboni ansamblining bir qismi hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bank binosi shu kunga qadar deyarli o‘zgarmagan holatda yetib kelgan. Bankning tashqi ko‘rinishi o‘sha davr binolariga xos neoklassitsizm uslubida bunyod etilgan. Binoning ichki ko‘rinishi ham dastlabki qismlar to‘plamidan iborat bo‘lib, ularda ayrim qayta tiklash ishlari bajarilgan. Undagi mavjud devoriy pech o‘txonasi eshiklari, Frans San-Galli cho‘yan quyish va mexanika zavodining katta eshiklari, pul va boshqa mollarni ko‘tarish mexanizmi, oq-qora rangdagi fotosuratlari, telefon, yozuv mashinkalari, davlat kredit kartalari kabi nodir ashyolar tomoshabinlar e’tiborini tortmay qolmaydi.
“Bunday tarixiy binoda ishlash jamoamiz uchun katta faxrdir, — dedi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning strategiya va marketing boshqarmasi boshlig‘i Otabek Abdurahimov. — O‘tgan vaqt davomida bankda xizmat qilgan har bir xodim binoning ichki va tashqi ko‘rinishini asl holatda saqlab qolishga harakat qilgan. Bugungi kunda bu to‘liq faoliyat ko‘rsatuvchi bank bo‘limi bo‘lib, uning eshiklari nafaqat mijozlar, balki tarixni qadrlovchilar uchun ham keng ochiqdir”.
Izoh (0)