“Sreda.uz” saytida Toshkent—Buxoro—Toshkent yo‘nalishidagi poyezdning kutilmaganda bekor qilinishi bilan bog‘liq maqola e’lon qilindi.
Muallifning yozishicha, u Buxoroga xizmat yuzasidan poyezdda borgan, ammo Toshkentga qaytishda vokzalga kiritishmagan va poyezd bekor qilinganini aytishgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” xodimasi chiqib, vokzalning kirish eshigi yonida to‘planganlarga poyezd ikki kunga bekor qilinganini ma’lum qilgan. Buning sababini esa texnik nosozliklar bilan izohlashgan.
Muallif Toshkentga yetib kelgach (avtobus bilan), “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot kotibidan Toshkent va Buxoro o‘rtasida qatnovchi poyezdning bekor qilinishi yuzasidan aniq sababni aniqlashtirishga uringan. Rasmiy sabab esa quyidagicha yangragan:
“Oltinchi va yettinchi oktabr kunlari yettita poyezd qatnovdan olindi. Kutilmaganda havo sovib ketdi, vagonlarda tirqishlarni zichlash kerak edi, konditsiyalash tizimi ishdan chiqqan edi”.
“‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ mendan rasman uzr so‘radi, ammo fors-majorni minglab kishilar boshidan kechirdi. Rasmiy versiyaga ishonish qiyin. Agar unga ishonsak, savol paydo bo‘ladi: faqat Toshkent—Buxoro yo‘nalishida holat shunaqami? Ertaga yana qaysi yo‘nalishlarda poyezdlar bekor qilinadi?” — deya haqli ravishda norozilik bildiradi muallif.
Izoh (0)