O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi,“xalq diplomatiyasi” mexanizmidan faol foydalangan holda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, chet eldagi o‘zbekistonliklar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratmoqda, deb yozadi O‘zA.
Mana shunday hamkorlik doirasida, joriy yilning 28-sentabr kuni Turkiston viloyati To‘labiy tumani hokimi Baurjan Baxit uli Umarbekov boshchiligidagi 70 kishidan iborat jamoatchilik delegatsiyasi Toshkent shahriga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibi To‘labiy tumani xalq Maslahati a’zolari, oqsoqollar, urush va mehnat faxriylari, tadbirkorlar, din idoralari hamda Turkiston viloyatidagi To‘labiy fondi vakillaridan iborat bo‘lib, ular “G‘ishtko‘prik” chegara punktida bayramona kutib olindi.
Qozog‘istonlik mehmonlar dastlab Toshkent shahri, Shayxontohur tumanida joylashgan o‘zbeklar uchun ham, qozoqlar uchun ham muqaddas ziyoratgoh bo‘lgan To‘labiy maqbarasini ziyorat qilib, uning ruhi pokiga Qur’on tilovat qildi hamda musulmoncha urf-odatlarlarni ado etdi.
So‘ngra, mehmonlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tashrif buyurib, bu yerda o‘tkazilgan do‘stlik tadbirida ishtirok etdi.
Mehmonlar To‘labiy xotirasiga bag‘ishlab uyushtirilgan tushlikdan so‘ng, Hazrati Imom masjidi, Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib, Toshkentning boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Izoh (0)