24-sentabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Kuba tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ana Teresita Gonsalez Fragani qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarning holati muhokama qilinar ekan, o‘zaro qiziqish kasb etgan turli sohalarda O‘zbekiston—Kuba muloqotini chuqurlashtirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan vaqtdan keyingi 12 yil davomida birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida BMT va uning ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari doirasidagi hamkorlikning ijobiy tajribasiga erishildi, ushbu tajriba hamkorlikning boshqa sohalarida ham qo‘llanishi mumkinligi ta’kidlandi. Geografik uzoqlikka qaramasdan O‘zbekiston va Kuba mavjud ulkan salohiyat va imkoniyatni qo‘llagan holda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga tomonlar tayyor ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli asosalarda turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
TIVda shu kunning o‘zida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Kuba Elchisi Alfredo Nyeves Portuando ishtirok etdi.
Izoh (0)