20-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga Muvofiqlashtiruvchi guruhning yetakchi arab jamg‘armalari delegatsiyasi boshchiligida tashrif buyurgan Islom taraqqiyot bankining prezidenti Bandar Hajarni qabul qildi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat davomida Bank bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Qishloq joylarda aholi hayoti sifatini yaxshilash, infratuzilma modernizatsiyasi, respublika mintaqalarida tibbiy va ta’lim muassasalarini zamonaviy qurilmalar bilan jihozlash, biznes tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ularning eksport salohiyatini ochishga qaratilgan muhim dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Katta salohiyat, eng muhimi hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishga urg‘u berildi.
Joriy yilning 17—20-sentabr kunlari Toshkent shahrida “Islom taraqqiyot banki guruhi kuni”ning o‘tkazilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida imzolangan Hamkorlik strategiyasi shundan guvohlik beradi. 2018—2021-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasining hajmi 1,3 milliard dollarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Prezidenti Samarqanddagi Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganligi uchun Islom taraqqiyot banki rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Bandar Hajar Islom taraqqiyot banki guruhi uchun O‘zbekiston mintaqadagi asosiy sherik ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)