Rossiyaning Omsk shahrida Aleksandr Sergeyevich Pushkin nomidagi davlat viloyat kutubxonasi va Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
Kelishuv doirasida xalqaro hujjat, axborot va turli ko‘rinishdagi milliy nashrlar almashuvi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, zamonaviy kutubxona texnologiyalarini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi O‘zbekistondagi eng yirik kutubxonalardan biridir. Kutubxona yigirmadan ortiq tildagi 316 mingdan ziyod noyob nashrlar jamg‘armasiga ega. Kutubxona umumiy fondining elektron katalogi tashkil etilgan va u muntazam boyitib borilmoqda.
Har yili kutubxonaga 250 ming nafarga yaqin foydalanuvchi tashrif buyuradi. Ularga turli tashuvchilardagi 500 mingdan ziyod nashrlar beriladi.
Axborot-kutubxona markazi Farg‘ona viloyatidagi 1600 dan ziyod kutubxonalarni o‘z ichiga olgan 247 ARM xodimlari uchun uslubiy markaz hisoblanadi.
Izoh (0)