Adliya vazirligining tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari faoliyatiga bag‘ishlangan majlisi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan majlisda vazirlik markaziy apparatining tarkibiy bo‘linma rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari hamda tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi.
Unda Adliya vazirligining tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlarining shu kungacha bo‘lgan faoliyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha kun tartibidan o‘rin olgan masalalar muhokama etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, davlat rahbarining farmoni va qaroriga asosan joylarda 200 ta tuman (shahar) adliya bo‘limi tashkil etildi. Ularga 560 nafar xodim ishga qabul qilindi.
Ushbu adliya bo‘limlari fuqarolarga huquqlarini tushuntirish bilan cheklanib qolmay, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashmoqda. Aholining viloyat markaziga yuzlab chaqirim yo‘l bosib ovora bo‘lib borishiga chek qo‘yildi.
Faoliyati yo‘lga qo‘yilgan tuman (shahar) adliya bo‘limlari uchun alohida binolar ajratilib, talab darajasida jihozlandi. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlandi. Yaxshi ishlagan, har tomonlama o‘rnak bo‘lgan tuman adliya bo‘limlariga 70 ta xizmat avtomashinasi topshirildi.
Majlisda adliya bo‘limlari tashkil etilgan vaqtdan boshlab shu kunga qadaramalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ular faoliyatidagi mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, ularni bartaraf etish, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik masalasi ham muhokama etildi.
Yig‘ilishda Surxondaryo viloyatining Denov, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Andijon viloyatining Marhamat, Toshkent shahrining Bektemir tuman adliya bo‘limlari qisqa vaqt ichida ijobiy natijalarga erishgani qayd etildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda adliya bo‘limlari tomonidan faoliyatida qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinganligi jiddiy tanqid ostiga olindi. Ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan adliya bo‘limlarining 28 nafar xodimi (shundan 15 nafari tuman adliya bo‘limlari boshlig‘i) lavozimidan ozod etildi. Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun hududiy adliya boshqarmalarining 25 nafar xodimiga hayfsan e’lon qilindi, 29 nafari ogohlantirildi.
Yig‘ilishda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov har bir adliya xodimi “fuqarolar adliya idoralari faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak” degan tamoyilga qat’iy amal qilishi, hududiy adliya organlari rahbarlari “tuman-shahar adliya bo‘limlari bizning yuzimiz” tamoyiliga rioya etishi, “Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart” degan qoidani ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratishi zarurligini qayd etdi.