Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Qarorda ta’kidlanishicha, ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan o‘zgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat ko‘rsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va o‘n ikki mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.
Shu bilan birga, mamlakatda jami 45 mingta faoliyat ko‘rsatmayotgan bino va qurilishi tugallanmagan obyekt saqlanib qolmoqda, ularning 27 mingtasi xususiy mulk hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, tumanlarda darajasida foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish bo‘yicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar tuzildi.
Ushbu komissiyalar:
- tegishli hududdagi foydalanilmayotgan obyektlarning ro‘yxatini shakllantiradi;
- foydalanilmayotgan obyektlarda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” va investitsiya loyihalarini mulkdorlar bilan birga ishlab chiqadi;
- mulkidan foydalanmayotgan mulkdorlarga (yuridik shaxslarga) nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash haqida xulosa taqdim etadi;
- tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashadi.
- a) davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan obyektlar sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi;
- b) foydalanilmayotgan obyektlar egalariga (yuridik shaxslar) quyidagi ta’sir choralari qo‘llaniladi:
- qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlarini to‘xtatish;
- soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazish;
- mol-mulk va yer soliqlarini o‘rnatilgan stavkaga nisbatan ikki baravarga oshirish (6 oy o‘tgandan so‘ng – besh baravarga, 12 oydan keyin o‘n baravarga oshiriladi).
Ta’sir choralari mulkdorning idoralararo komissiya xulosasi bilan tanishganidan keyingi oydan boshlab qo‘llanadi.
Ta’sir choralarini qo‘llash haqidagi xulosasini chiqarish uchun foydalanilmayotgan obyektdan foydalanish bo‘yicha takliflar taqdim etilmaganligi yoki tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”ning bajarilmasligi asos bo‘ladi.
Izoh (0)