Mobicon 2018 konferensiyasiga tashrif buyurishni istaganlar, endi mazkur tadbiring rasmiy sayti — Mobicon.uz’ga kirib, ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ushbu saytda tadbir haqida, spikerlar haqida barcha ma’lumotlar joylangan. Shuningdek, saytda VIP-chiptalarni sotib olish haqida talabnoma qoldirsa ham bo‘ladi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Hozirda Mobicon.uz saytida tadbirda ishtirok etishi aniq bo‘lgan spikerlar haqida barcha ma’lumotlar bor. Bir necha kundan so‘ng tadbirda ishtirok etuvchi spikerlarning chiqish vaqtlari belgilangan aniq jadval ham e’lon qilinadi.
An’analarga sodiq qolgan holda, faqat bir kun — 11-oktabrda Mobicon 2018 konferensiyasi International Hotel Tashkent mehmonxonasida o‘tkaziladi. Tadbirda tinglovchi sifatida ishtirok etish bepul. Taklifnomani qo‘lga kiritish uchun tadbirning rasmiy Telegram kanalida ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi. Konferensiyadan uch kun avval Telegram kanalning barcha obunachilariga elektron taklifnoma jo‘natiladi. Mazkur taklifnoma bilan konferensiya o‘tkazilayotgan binoga kirish mumkin.
Mobicon — O‘zbekiston mobil sohasidagi muhim konferensiya bo‘lib, ketma-ket uchinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Har yili konferensiyada dunyoning va O‘zbekistonning eng yirik IT-kompaniyalari yetakchi mutaxassislari ishtirok etib keladi. Xususan, Beeline mutaxassislari, Google, Yandeks, “Odnoklassniki”, YouTube, Mail.ru Group va boshqa ko‘plab kompaniyalar.
Tadbir tashkilotchisi — Ledokol Group media agentligi. Ledokol Group Mobicon’dan tashqari, 2011-yildan beri USENET internet-konferensiyasini tashkil etib keladi. Konferensiya homiylari: CLICK to‘lov tizimi, MacCoffee savdo belgisidan Cafe’ PHO hamda rasmiy mobil homiy — Meizu kompaniyasi. Tadbirning IT-hamkori WebNow kompaniyasi, Event-hamkori — Unique Present. Tadbirning SMM-hamkori Africa agentligi. Bu yilgi konferensiya ham parallel tarzda, ikkita anjuman zalida o‘tkazilib, tashrif buyurgan ishtirokchilarda o‘zlariga qiziq bo‘lgan spikerlarni tanlab, ularni eshitish imkoni bo‘ladi.
Izoh (0)