Samarqand xalqaro aeroportiga Vnukovo-Samarqand aviareysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro O.J. bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tayotib, sumka ichida 25 ta konvalyutada bo‘lgan jami 250 dona “Fenazepam” nomli tabletkani o‘tkazishga uringan. Bu haqida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu 250 dona “Fenazepam” tabletkasi O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalarning ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 8-iyundagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarni turli nomdagi 5 tagacha va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, ushbu qarorga ko‘ra, o‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishi shart.
Izoh (0)