O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 3-sentabr kuni misrlik taniqli olimlar Ahmad Tarabik, Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizq va Magda Maxluf muallifligidagi O‘zbekiston tarixi va boy madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi, deb yozadi O‘zA.
Unda misrlik olimlar, shuningdek, O‘zFA ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, akademiklar, tadqiqotchilar qatnashdi.
Ahmad Tarabik Qohira universitetining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi sifatida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yaxshi xabardor. Ahmad Tarabikning “O‘zbekiston: islom tamadduni manbai” kitobida mamlakat tarixi, madaniyati, ilm-fan rivoji haqida hikoya qilinadi.
Mazkur kitob 2017-yili Misrda arab tilida chop etilgan. Ushbu fundamental tadqiqot ikki qismdan iborat. Birinchi qismda O‘zbekiston tarixi, geografik joylashuvi, iqtisodiyoti, aholisi, tili, arab dunyosi bilan tarixiy aloqalari, shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Xorazm va Nasaf shaharlari haqida ma’lumotlar keltiriladi. Islom tamadduni rivojiga hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar tilga olingan ikkinchi qismdan Imom Buxoriy, Hakim at-Termiziy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi ko‘plab allomalar hayotiga oid ma’lumotlar o‘rin olgan.
Misrlik tarixchi, arxeolog olim Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizq ham o‘z hayotini Sharq diyori, xususan, O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini tadqiq qilishga bag‘ishlagan. Tadbirda muallifning 2017-yilda nashrdan chiqqan “Yodgorliklar va Buxoro islom madaniyati” nomli ikki jildli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur kitob o‘n yillik izlanishlarning mahsuli sifatida yaratilgan.
Ikki bo‘limdan iborat asarning birinchi qismida Buxoro madaniy yodgorliklari, diniy tamoyil va mazhablar haqida batafsil hikoya qilinsa, madaniy yodgorliklardagi yozuvlar, devoriy tasvirlar va naqshlar bo‘yicha izlanishlar bayoni asosiy bo‘limdan o‘rin olgan.
Taniqli olima Magda Maxluf turkiy tildan tarjima qilgan “Boburnoma” 20 yillik mehnat samarasi o‘laroq, arab tilida chop etildi.
Ta’kidlanganidek, kitob Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston xalqlarining XV-XVI asrga oid tarixiy-etnografik, adabiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni jamlagan. Buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyati haqida ko‘plab ma’lumot beradi.
Taqdimotda kitoblarning Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan qomusiy olimlarning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Izoh (0)