“Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” munosabati bilan Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligida “Qudratimiz — birlik va hamjihatlikda” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil qilindi. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, Jizzax viloyati hokimligi va Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qism va muassasalar oʻrtasida futbol musobaqasi oʻtkazildi. Unda viloyat hokimi Ergash Soliyev, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi vakillari, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari, kollej va akademik litsey talabalari hamda maktab oʻquvchilari ishtirok etib, oʻzaro bellashdilar.
Sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi futbol musobaqasi yakunida Jizzax viloyati hokimi gʻoliblarga kubok va medallarni topshirdi.
Bundan tashqari viloyatdagi harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari tomonidan yoshlar uchun koʻl jangi chiqishlari hamda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi oʻtkazildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi 2-sonli bolalar sport maktabi oʻquvchi-yoshlari hamda harbiy xizmatchilarning farzandlari oʻrtasida xizmat burchini ado etish vaqtida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning xotirasiga bagʻishlab sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa ishtirokchilariga Markaziy harbiy okrug sportchilar vzvodi tomonindan master-klass koʻrgazmasi tashkil etildi. Samarqand garnizoni harbiy orkestri tomonidan vatanparvarlik ruhidagi konsert dasturlari tashkillashtirildi.
Izoh (0)