Buxoroda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan 193 fuqaroga yangi uylarning kaliti topshirildi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.
Shu munosabat bilan Buxoro shahridagi Labi hovuz majmuasi hududida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda poytaxtdan kelgan qator mutasaddi idoralar, viloyat jamoatchiligi vakillari, koʻp yillik orzusi ushalgan ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.
Joriy yilda Buxoro viloyati boʻyicha ana shunday toifaga mansub oilalarning 1156 tasi imtiyozli shartlar asosida uy-joy bilan taʼminlanadi.
— Shu paytga qadar toʻrt oila bir hovlida yashar edik, — deydi Peshku tumanidan Raʼno Rafiqova. — Buning nechogʻli mashaqqat va noqulay ekanini boshidan oʻtkazgan biladi. Besh farzandimiz bor, ulardan biri nogiron. Men ular tarbiyasi bilan bandman. Yolgʻiz oʻzi ishlaydigan turmush oʻrtogʻimning maoshi faqat roʻzgʻor tebratishga yetadi. Bu ahvolda yaqin yillarda uyli boʻlishimizga ishonmasdim. Bugun Yangiobod qishlogʻida namunaviy loyiha asosida qurilgan ikki sotixdan iborat uch xonali uy kaliti va boshlangʻich badal toʻlangani toʻgʻrisida sertifikat topshirildi. Badal davlat tomonidan toʻlandi, uy narxining qolgan 130 million soʻmi bank tomonidan 15 yilga kredit sifatida ajratildi.
Marosim katta bayramga aylanib ketdi. Tantanada koʻhna Buxoroni tomosha qilgani kelgan bir guruh xorijlik sayyohlar ham ishtirok etdi.
Izoh (0)