9-avgust kuni muborak “Haj — 2018” safarini amalga oshirish istagida bo‘lgan qashqadaryoliklar Qarshi aeroportidan Saudiya Arabistonining Makka shahriga Boing-767 samolyotida jo‘nab ketdi, deb yozadi O‘zA.
“Haj — 2018” dasturi doirasida joriy yilda 7 ming 200 nafar fuqaro muborak Haj ziyoratini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning 413 nafari qashqadaryolik ziyoratchidir.
“Qashqadaryo viloyatidan dastlabki guruhda 208 nafar fuqaro muborak Haj ziyoratiga jo‘nab ketdi, — deydi Qarshi aeroporti bojxona posti boshlig‘i Xurshid Mirzayev. — Haj ziyoratiga ketayotgan fuqarolar qizil va yashil yo‘laklarda harakatlandi. Ziyoratga ketayotganlarda 2 ming AQSh dollaridan kam naqd chet el valyutasi bo‘lsa, ular hech qanday deklaratsiya to‘ldirmasdan, bojxona nazoratini soddalashtirilgan tartibda amalga oshirib, yashil yo‘lakdan o‘tdi. Bu esa ularning bojxona nazoratidan o‘tish va harakatlanish vaqtini ancha qisqartirdi”.
Qarshi aeroportida yo‘lovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, maxsus ishchi guruh ziyoratga yo‘l olganlarga ro‘yxatdan o‘tish, bojxona xizmatlari ko‘rsatishda yaqindan yordam berdi.
Viloyatdan Haj safariga borish istagida bo‘lgan fuqarolarning ikkinchi guruhi 11-avgust kuni Qarshi aeroportidan Boing-767 samolyotida parvoz qiladi.
Izoh (0)