2017-yil 18-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha musobaqa o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi, deb yozadi O‘zA.
Shundan buyon ushbu ikkala shaharda bunyodkorlik ishlari avjida. Shaharlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat asosida bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlar, yangi korxonalarni ishga tushirish, ish o‘rni yaratish, barchasi e’tiborga olinmoqda. Ayni paytda qaysi shaharni oldingi qatorda deyish mumkin?
So‘nggi bir yilda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirish yo‘lida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha bir o‘rinda Bekobod, boshqasida Olmaliq shahri ustun ko‘rinadi.
Aholiga yangi ko‘p qavatli turar joylar qurish bo‘yicha Bekobodda 5 ta, Olmaliqda 10 ta ko‘p qavatli uy barpo etilmoqda. Bu o‘rinda Olmaliq shahri g‘olib.
Yaratilgan ish o‘rinlari hisobiga Bekobod shahrida ishsizlik darajasi 12,1 foizdan 8,7 foizga tushgan. Olmaliq shahrida esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 4,3 foizligicha, o‘zgarmay qolgan. Demak, bu borada Bekobod shahri oldinda.
“Musobaqada kim g‘olib bo‘lishidan qat’iy nazar, bunda hech bir tomon yutqazmaydi. Zero, musobaqaning mutlaq g‘olibi — har ikki shahar aholisi!”, — deyiladi O‘zA xabarida.
Izoh (0)