Madina shahri amiri Faysal ibn Salmon tomonidan Saudiya Arabistoni Podshohligiga dunyoning turli davlatlaridan kelgan Haj delegatsiyalari rahbarlari uchun o‘tkazilgan qabul marosimida O‘zbekistondan “Haj—2018” mavsumi ishchi guruhi rahbari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan ham ishtirok etdi, deb yozadi O‘zA.
Qabul marosimida Nuriymon Abulhasan va Faysal ibn Salmon o‘rtasida o‘zaro muloqot tashkil etilib, Shahzoda o‘zbekistonliklarni eng tartibli hojilar, deb e’tirof etdi.
Faysal ibn Salmon O‘zbekistonni qadim tarixga ega davlat sifatida ko‘rishini ta’kidlab, bu yurtda yetishib chiqqan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim Termiziy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi hozirgi vaqtda butun dunyoga mashhur ekanligini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida Nuriymon Abulhasan Madina shahri amiri Faysal ibn Salmonga ko‘rsatilgan hurmat-e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Haj va Umra ishlari vaziri Solih Bintin bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonning Haj va Umra tadbirlari Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan Haj va Umra ishlari vazirligi bilan hamkorlikda namunali tashkil etilayotgani e’tirof etildi va minnatdorlik bildirildi.
Kelgusi yillarda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida yaratilayotgan sharoitlarni takomillashtirish, xizmatlar darajasini yanada oshirish maqsadida Masjid un-Nabaviyga yanada yaqin va qulayroq haramdan 100 metr masofada joylashgan “Madina millenium”, “Zam-zam pulmon” va “Misbah tayyiba” mehmonxonalariga joylashtirish masalasi o‘rganildi. Mazkur mehmonxonalar sharoitlari ko‘zdan kechirildi.
Izoh (0)