O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 15-avgustga qadar davom etadigan davlat test imtihonlarining yettinchi kuni — 7-avgustdagi o‘tgan jarayon va uning yakunlari haqida Facebook’dagi sahifasida axborot berdi.
7-avgust kuni test sinovlari shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya hamda doimiy videokuzatuv qurilmalari bilan jihozlangan 57 ta binoda 16 ta oliy ta’lim muassasalarining 76 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan.
Test sinovlarida 57 799 nafar abituriyent ishtirok etgan, 1 452 nafar abituriyent imtihonga kelmagan. Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 64 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlashtirilgan.
Davlat granti bo‘yicha eng yuqori o‘tish bali Buxoro davlat universitetining “Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili” ta’lim yo‘nalishida qayd etilgan — 168,7 ball. To‘lov-kontrakt bo‘yicha eng yuqori o‘tish bali esa Farg‘ona davlat “Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili” ta’lim yo‘nalishida kuzatilgan — 152,6 ball.
Shunday qilib, 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan test imtihonlari yakunlari bo‘yicha davlat grantiga o‘tishning o‘rtacha bali 109,4 ballni, to‘lov-kontraktga o‘tishning o‘rtacha bali esa 85,6 ballni tashkil etgan. Imtihon natijalari DTMning “Results2018.dtm.uz” saytida 8-avgust kuni soat 17:30da e’lon qilindi.