Janubiy Sudan prezidenti Salva Kiir hamda qo‘zg‘olonchilar yetakchisi, sobiq vitse-prezident Riyek Mashar Teni urushni to‘xtatish va vakolatlarni bo‘lishish haqida yakuniy kelishuvni imzoladi. Bu haqda Reuters’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Janubiy Sudan prezidenti sifatida bugun imzolangan kelishuv mamlakatimizdagi urush va nizolarga barham berishi kerak”, — deya prezident ma’lum qilgan.
Kiir Birlashgan Millatlar Tashkiloti xavfsizlik kengashida mamlakatdagi muammolarni muhokama qilishni taklif qildi.
25-iyul kuni tomonlar urushni to‘xtatish to‘g‘risida dastlabki kelishuvni imzolagan. Unga ko‘ra, Riyek Mashar Teni mamlakat vitse-prezidenti lavozimiga tiklangan.
2011-yili Sudandan ajralib chiqqan Janubiy Sudan 2013-yildan buyon fuqarolik urushi holatidadir. Prezident Salva Kiir boshchiligida hokimiyat tepasida turgan dinka qabilasi vakillari muxolifatga qarshi olib borayotgan urush oqibatida 2 milliondan ortiq odam majburiy ko‘chgan shaxslarga aylandi.
2015-yilning avgust oyida Kiir va Mashar tinchlik kelishuvini imzolagan. 2015-yilning yanvar oyidan boshlab ular milliy hukumat tuzishga kelishgan. 28-aprel kuni prezident hukumatning yangi tarkibini e’lon qilgan. 8-iyul kuni esa mamlakat prezidenti Salva Kiir tarafdorlari va Riyek Masharni qo‘llab-quvvatlovchi sobiq isyonchilar o‘rtasida tartibsizliklar kelib chiqqan.
2016-yil avgustda prezident va vitse-prezident tarafdorlari o‘rtasidagi janglar qayta boshlangan. Hukumat tarafdori bo‘lgan kuchlar 114 nafar fuqaroni o‘ldirgan. 60 ming kishi Janubiy Sudandan qochib ketgan. Jumladan, vitse-prezident Riyek Mashar mamlakatni tark etgan.
2017-yili uch mingdan ortiq kishi mamlakatdagi tartibsizliklar sabab Ugandaga qochgan.
Izoh (0)