Iyul oyida Rossiyada Ravon brendidagi birorta ham avtomobil sotilmadi. Yevropa biznes assotsiatsiyasi ma’lumotlari bu haqda guvohlik beradi, deb yozadi Spot.
2017-yilning iyul oyida GM Uzbekistan Rossiyada 1 275 ta avtomobil sotgan edi, biroq 2018-yilda Ravon avtomobillari may oyidayoq aksariyat dilerlik markazlaridan g‘oyib bo‘ldi.
May oyida GM Uzbekistan atigi 508 ta avtomobil sotdi, vaholanki 2017-yilning mayida bu ko‘rsatkich 1 219 tani tashkil etgan. Bundan tashqari, kompaniya iyun oyida birorta ham avtomobil sotmadi.
Avtomobillar tanqisligi sabablari kamida ikkita — Rossiya bozori uchun narxlarning qayta ko‘rib chiqilishi va kompaniya biznes-modelining sezilarli darajada o‘zgartirilishi.
“Narxlarning qayta ko‘rib chiqilishi Rossiya va O‘zbekiston milliy valyutalari kurslarining o‘zgarishi va Rossiyada utilizatsiya yig‘imlari stavkalarining oshishi bilan bog‘liq. Biznes-modelning o‘zgartirilishi rebrending va yangilangan modellar liniyasining chiqarilishi bilan birga kechdi va Ravon brendi rivojlanishi bilan birga davom etmoqda”, — deyiladi Ravon Motors Rus/GM Uzbekistan xabarida.
Iyul oyi oxirida Ravon avtomobillari Rossiyada keskin qimmatlashganligi ma’lum bo‘ldi — R2 va Nexia sedan endilikda avvalgiga nisbatan 50 ming rublga, Gentra sedani esa 20 ming rublga qimmat.
Izoh (0)