O‘zbekistonda Crowdfunders.uz kraudfanding (yangi loyihaga internet orqali homiylarni jalb qilish) platformasi ishga tushiriladi, deya Spot xabar bermoqda.
Platforma ilk 15 ta loyiha uchun ariza qabul qilingandan keyin ishga tushadi. Dastlabki 50 ta muallif o‘z loyihalarini realizatsiya qilishda mutaxassislardan bepul yordam olishadi.
5 ta loyiha saralanib, ular bo‘yicha video ishlanadi va shu orqali ularning mualliflariga platforma orqali mablag‘ to‘plashga yordam beriladi. Shuningdek, barcha mualliflarga patentni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashiladi.
Loyihani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun saytda ariza to‘ldiriladi. Loyiha uchun mas’ul menejer tayinlanadi va u g‘oyani saytda e’lon qilishga yordam beradi. Platforma mualliflar ma’lumotlarining sir saqlanishini kafolatlaydi.
Platforma kraudfandingdan tashqari, mualliflarga kraudinvesting (loyihaga hissa qo‘shish orqali kompaniya investoriga aylanish) bilan shug‘ullanishni ham taklif qiladi.
Har bir muvaffaqiyatli yakunlangan loyihadan platformaga yig‘ilgan mablag‘ning 10 foizi beriladi. Xayriya loyihalaridan platforma ulush talab qilmaydi.
Bu O‘zbekistondagi birinchi kraudfanding platformasi emas. Masalan, 2013-yili O‘zbekistonda Factor.uz platformasi yaratilgan, biroq 2014-yili faoliyatini to‘xtatgan.
Izoh (0)