Samarqandda 60948 abituriyentdan 4823 nafarining hujjatlarida xatoliklar aniqlandi. Bu haqda Davlat test markazi viloyati bo‘limi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Zarafshon”.
Qayd etilishicha, viloyatdagi 8 ta oliy o‘quv yurti qabul komissiyalari tomonidan abituriyentlar haqida ma’lumotlarni Davlat test markazi bazasiga kiritishda turli xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bu holat Ichki ishlar vazirligi pasport bazasi bilan solishtirganda oydinlashgan.
Jumladan, SamDAQIda 1297 nafar abituriyent (jami abituriyentlarning 16,1 foizi) haqidagi ma’lumotlarda turli xil xatolar kuzatilgan. Bu ko‘rsatkich TATU Samarqand filialida 179 (8,2 foiz), SamDUda 2180 (7,4 foiz), SamMIda 400 (6,8 foiz), SamISIda 205 (6,5 foiz), “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida 72 (6,1 foiz), Samarqand veterinariya meditsinasi institutida 360 (5,6 foiz), SamDChTIda 189 (3,7 foiz)ni tashkil etmoqda.
Ayni paytda qabul komissiyalari tomonidan ushbu xatoliklar sabablarini aniqlash va ularni tuzatish choralari ko‘rilmoqda.
Izoh (0)