O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Qozog‘iston muftiysiga onasining vafoti munosabati bilan ta’ziya maktubini yo‘lladi, deya xabar berilmoqda idora rasmiy saytida.
Muhtaram muftiy hazratlari,
Sizga, volidai muhtaramangiz Turdigul hoji onaning vafotlari munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi, xususan, o‘zim nomimdan chuqur ta’ziya izhor etaman. Hoji onaning vafotlaridan chuqur qayg‘uda ekanimni bildiraman.
Siz kabi olim, obid, boadab, ota-onaning qadriga yetadigan farzandni tarbiyalab, onalik vazifalarini go‘zal tarzda, mukammal ado etib, yuzlari yorug‘ holda Yaratganning huzuriga rihlat qilgan onaxonimizning oxiratlari obod bo‘lsin.
Alloh taolo “Luqmon” surasida: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik” deb marhamat qiladi. Siz, marhuma onangizning xizmatlarini qilib, yaxshilikda bardavom bo‘lib, duolarini olib, baxtli farzand maqomini oldingiz, Alloh taolo volidangizga qilgan xolis xizmatlaringiz sabab, Sizni ikki dunyoda mukarram qilsin.Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) muborak hadisi shariflaridan birida bunday marhamat qiladilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi – ko‘p miqdordagi nafl sadaqa¬ berishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Albatta, sizdagi bu go‘zal axloqni shakllanishida mehribon marhuma volidangizning xizmatlari cheksiz bo‘lgani shubhasiz.
Alloh taolo poyi jannat – volidangizning barcha yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin.
Yana bir bor chuqur ta’ziyamizni qabul qilgaysiz!
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov
Izoh (0)