O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yilda investitsiya va infratuzilma loyihalari dasturlari doirasida barcha manbalar hisobidan 2612 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, jami 6 milliard 850 million dollardan ziyod mablag‘larni o‘zlashtirish belgilangan.
Yig‘ilishda mazkur sarmoyalarni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirish holati sustligi tanqid qilindi.
Yig‘ilishda Investitsiya qo‘mitasiga xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi barcha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, tender hujjatlari, import shartnomalarini yangi joriy qilingan tartib asosida ekspertiza qilish yoki ro‘yxatga olish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Bundan buyon xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni bajarishda ishni o‘zibo‘larchilik kayfiyati asosida tashkil qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zlashtirilmagan har bir dollar uchun barcha darajadagi rahbarlar shaxsan javob beradi. Har bir loyiha tashabbuskori ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, loyihani ishlab chiqish, amalga oshirish va yakuniy natija uchun javobgar bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda “Loyihani amalga oshirish guruh”lari foliyatini samarali tashkil qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Investitsiya qo‘mitasiga barcha guruhlar tarkibini qayta ko‘rib chiqib, ularni loyihalar kesimida emas, tarmoqlar yo‘nalishida ixtisoslashtirish asosida qayta tashkil etish topshirildi. Ulardagi ekspertlar mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirib, bilim va tajribali, halol, professional xodimlarni ishga qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.
Videoselektorda 2019-yilgi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Izoh (0)