Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash tibbiyot sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan 152 farmatsevtika korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan 2 ming 500 nomga yaqin dori-darmon amaliyotda keng qo‘llanilmoqda. Joriy yilda davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 914,6 milliard so‘m, ya’ni 2017-yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Qishloq vrachlik punktlari, qishloq oilaviy poliklinikalari va boshqa birlamchi tibbiyot muassasalari qoshida 2200 dan ortiq ijtimoiy dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda farmatsevtika sanoatiga ixtisoslashgan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” kabi erkin iqtisodiy zonalari (EIZ) ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu hududlarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida 518,9 gektar yer maydoni tanlab olindi. Mazkur erkin iqtisodiy zonalar hududida qiymati 1 trillion 361,1 milliard so‘mga teng 30 loyiha amalga oshirilishi va buning natijasida 1 ming 903 yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
“2018-yil 1-avgustdan boshlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibi joriy etiladi, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. — Bu esa dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimidagi ortiqcha to‘siqlarga barham beradi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladi. Buning natijasida sifatsiz vositalarning mamlakatga kirib kelishi oldi olinadi”.
Izoh (0)