Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin O‘zbekiston va UNICEF hamkorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktabgacha ta’lim sohasida mavjud muammolar haqida gapirdi. Bu haqda “Nuz.uz” xabar bermoqda.
Vazirning so‘zlariga qaraganda, 1991-yildan buyon mamlakatdagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 2 barobar kamaygan. Aholi soni esa mustaqillik yillarida 12 millionga ko‘paygan. Natijada bolalarni maktabgacha ta’limga jalb qilish muuammosi yuzaga kelgan.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2017-yil sentabri oxiriga kelib, ya’ni Maktabgacha ta’lim vazirligi tuzilgan vaqtda respublikadagi bolalarning 27,3 foizi MTMga jalb qilingan edi. 2017-yil dekabrda bu ko‘rsatkich 29,9 foiz, 2017-yil iyunda 33,1 foizni tashkil qilgan.
Vazir sohada mavjud dolzarb muammolar qatorida ta’lim sifati masalasini ko‘tardi. Aytilishicha, ta’lim sifati bevosita pedagoglarning malakasi bilan bog‘liqdir. Maktabgacha ta’lim sohasida pedagogik kadrlarning 69 foizi o‘rta-maxsus, 31 foizigina oliy ma’lumotga ega.
Agrippina Shin ayni paytda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishning 2021-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Strategiyada maktabgacha ta’lim sohasining normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish, 6-7 yoshdagi bolalarni maktabga 1 yillik tayyorlash darslariga jalb qilish masalalari aks etgan.
Izoh (0)