Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida mamlakat bosh vaziri Narendra Modining mitingi davomida chodirning qulashi oqibatida jabrlanganlar soni 90 kishiga yetdi. Bu haqda Hindustan Times gazetasi xabar bermoqda, deb yozadi “RIA Novosti”.
“Jami 90 kishi, jumladan, 66 nafar erkak va 24 nafar ayol kishi shifoxonaga yotqizilgan. 14 kishiga dastlabki ko‘rikdan so‘ng uyga ruxsat berilgan. Ikki kishi og‘ir ahvolda”, — deydi Midnapor okrugi tibbiyot kolleji va klinikasi rahbari.
Bosh vazir va Hindiston xalq partiyasi yetakchilari jabrlanmagan.
Midnapor okrugi politsiyasi rahbari chodirning qulashi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Chodir Narendra Modining mitingida odamlarni yomg‘irdan pana qilish uchun o‘rnatilgan edi. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, partiyaning ko‘plab tarafdorlari miting chog‘ida chodir ustiga chiqib olgan va bu uning qulashiga sabab bo‘lgan.
Mitingdan so‘ng Modi jabrlanganlar ahvolidan xabar olish uchun shifoxonaga tashrif buyurdi va ulardan ba’zilari bilan suhbatlashdi.
Izoh (0)