Oldin xabar qilinganidek, 13-iyul kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari ellik uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. “ZarNews.uz” sessiyada ko‘tarilgan mavzular yuzasidan qisqacha ma’lumot keltirdi.
Sessiyani deputat Bahodir Sharofov boshqardi.
Unda O‘zbekiston bosh vaziri A. Aripov va Davlat xavfsizlik xizmati raisi I. Abdullayev ishtirok etdi.
Sessiyada bosh vazir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida mavjud qator muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi. Xususan, viloyatda eksport masalasida ahvol yomon ekanligi, ayniqsa, qurilish ishlarida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilayotganligi, poraxo‘rlik va byurokratizm avj olganligi keskin tanqid qilindi.
Ta’kidlanishicha, Prezidentning 17–18-mart kunlari viloyatga tashrifi davomida belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Natijada viloyat iqtisodiyotida, shu bilan birga aholining ijtimoiy hayotida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar o‘zgarishsiz qolib ketaverdi.
Xususan, joriy yilning olti oyi yakunlariga ko‘ra, to‘rtta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi pasayib ketganligi oqibatida 288 milliard so‘mlik mahsulot hajmi yo‘qotilgan. Tabiiyki, bu holat ushbu korxonalarda ishchi o‘rni qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, viloyatda sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash ishlari e’tibordan chetda qolmoqda. Jumladan, viloyatning respublika sanoatidagi ulushi 2017-yilning birinchi yarim yilligida 6,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilning shu davrida 5,3 foizni tashkil etib, 1,5 foizga kamayib ketgan.
1-iyulga qadar ishga tushirilishi lozim bo‘lgan 16 ta yirik sanoat loyihalari amalga oshirilmagan. Viloyat tabiiy mineral xomashyo resurslariga boy bo‘lib, ulardan samarali faydalanish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, Paxtachida kaolin, granit, gips, Narpayda sement, keramzit, qum-shag‘al, keramika, Nurobodda sement, marmar, ohak, gips va bo‘r, Ishtixonda marmar va keramika kabi zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmagan. Mazkur shahar va tumanlar hokimlari o‘tgan olti oy davomida bironta ham tadbirkor bilan uchrashmagan, aksincha tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘lgan.
Kichik biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, qulay investitsiya muhitini yaratish masalalariga umuman e’tibor qaratilmagan. Buning oqibatida bugungi kunda viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 18 ming 856 ta kichik biznes subyektlarining 3 ming 458 tasi yoki 18 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tkazilgan 805 ta tadbirkorlik subyektlari bankdan umuman hisob raqam ochmagan.
Investitsiya dasturi doirasida 2018 yilning birinchi yarim yilligida umumiy qiymati 356 milliard so‘mlik 446 ta loyihani amalga oshirish orqali 2 774 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etish belgilangan. Biroq 1 iyul holatiga amalga oshishi lozim bo‘lgan 58 milliard so‘mlik 44 ta loyiha ishga tushurilmaganligi oqibatida 324 ta yangi ish o‘rinlari yaratilmasdan qolgan.
Joriy yilda g‘allachilik bo‘yicha 153 ta fermer xo‘jaligi 2 250 tonnalik shartnoma majburiyatini bajarmagan. Shuningdek, 2018 yil hosili uchun viloyat bo‘yicha 2 490 tonna pilla tayyorlash belgilangan bo‘lib, amalda 390 tonna pilla topshirilmadi.
Yoshlar bilan ishlash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida 2018 yilning o‘tgan davrida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan jami 590 ta turli ko‘rinishdagi jinoyatlar sodir etilgan.
“Obod qishloq” dasturiga asosan bu yil viloyatdagi 94 ming aholi yashayotgan 29 ta, kelgusi yil yana 119 ming aholi yashayotgan 42 ta qishloq obod qishloqqa aylantirilib, bu yerda yashayotgan halqimiz uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yaratiladi. Biroq viloyatda “Obod qishloq” dasturi ijrosini ta’minlash ishlari sust bormoqda.
Sesssiyada bosh vazir viloyatdagi yana bir qator kamchiliklarni jiddiy tanqid qilib, bunga viloyat hokimining faoliyatidagi jiddiy nuqsonlar sabab ekanligini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, ishlab chiqarish, aholi uy-joylari, ijtimoiy soha obyektlari qurish uchun qilgan murojaatlarini viloyatdagi soha rahbarlari faqat manfaat evaziga hal qilib berganiga alohida to‘xtaldi.
Samarqand shahrining tarixiy qismida YuNЕSKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilgan va bunga bila turib ruxsat berilgan. Ayrim hollarda tarixiy-madaniy obyektlar buzilishiga sabab bo‘lgan. Xorijlik sayyohlar Samarqandga yangi binolarni emas, asosan tarixiy-madaniy inshootlarni tomosha qilish maqsadida tashrif buyurishini viloyat hokimi, sohaga mas’ul bo‘lgan shaxslar inobatga olmagan.
Shundan keyin sessiyada tashkiliy masalalar kґrildi. Turobjon Jo‘rayev Samarqand viloyati hokimi vazifasidan ozod etildi.
Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga ko‘ra shu vaqtgacha Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlab kelgan Erkinjon Turdimov nomzodi Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.
Sessiyada viloyat Kengashi deputatlari — “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari H. Normurodov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F. Toshev so‘zga chiqdi.
Izoh (0)