Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tashabbusi bilan “Koreyaning bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha koreys tilidan bo‘lib o‘tadigan navbatdagi test sinovlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Koreya va O‘zbekistonning mehnat vazirliklari o‘rtasida “Bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish to‘g‘risida”gi Memorandum imzolangan.
Memorandumga asosan, endilikda talabgorlarning faqatgina koreys tilini bilish darajasi emas, balki malakasi, jismoniy holati va tajribasi ham sinovdan o‘tkaziladi.
Tadbirning asosiy maqsadi Koreyada vaqtinchalik ishlash uchun topshiriladigan test sinovlarini o‘tkazish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablarni atroflicha muhokama qilishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, test sinovlari 2018-yilning 20-iyulidan 28-avgustiga qadar bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)