Indoneziyadagi Janubiy Sulavesi oroli qirg‘oqlari yaqinida yo‘lovchilar paromining cho‘kib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 34 taga yetdi. Bu haqda CNN’ning 5-iyul, payshanba kuni bergan ma’lumotiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Indoneziyaning tabiiy ofatlarga qarshi kurashish agentligi vakili Sutopo Purva Nugroxo paromning Bulukumba daryosining qirg‘og‘i yaqinida, Selayar oroli yonida cho‘kib ketganini ma’lum qilgan.
Xabar qilinishicha, parom halokatga uchragan vaqtda 189 ta yo‘lovchisi bo‘lgan. Shuningdek, bortda avtomobillar, avtobuslar va yuk mashinalari ham bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, parom bortining teshilgani tufayli cho‘kib ketgan. Kemaga suv to‘lishni boshlagan vaqtda kapitan paromni yaqindagi orolga yo‘naltirgan va ko‘proq kishining hayotini qutqarib qolish maqsadida suv sayoz yerda paromni cho‘ktirgan. Mahalliy baliqchilar odamlarni qutqarishga yordam bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq paromning cho‘kishi oqibatda 31 kishining halok bo‘lgani xabar qilingan edi.
Izoh (0)