Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017-yildagi faoliyatiga oid hisoboti ko‘rib chiqildi. Ushbu masala yuzasidan Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Olimjon Rustamov ma’ruza qildi, deb yozadi O‘zA.
Qayd etilganidek, 2017-yilda Hisob palatasi tomonidan 70 ga yaqin tahliliy o‘rganish va nazorat tadbiri tashkil etilib, uning 49 tasi bevosita joylarda, qolgani vazirlik va idoralarda o‘tkazilgan.
2018-yil Davlat budjeti loyihasi va soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishda Hisob palatasi tomonidan takliflar tayyorlangan va Moliya vazirligiga taqdim etilgan. Ushbu takliflar asosida budjet daromadlari prognozi 1,4 trillion so‘mga qayta hisob-kitob qilingan.
Davlat budjetining respublika va mahalliy darajadagi shakllanishi hamda uning ijrosi yuzasidan nazorat o‘rnatilib, davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli, samarali sarflanishi budjetdan moliyalashtiriluvchi vazirlik va idoralar misolida o‘rganib chiqildi.
Nazorat tadbirlari natijasida jami 37 milliard so‘mlik va 7 million dollarlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar hamda 270 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad manbalari aniqlangan.
Senatorlar davlat budjeti va budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish, budjet daromadlari manbalaridan to‘liq foydalanish, joylardagi sektorlar rahbarlarining ish faoliyatiga baho berish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Prezident qarorlari va farmoyishlaridagi topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Izoh (0)