Joriy yil hosili uchun Surxondaryo fermerlari 95 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos “Krasnador-99”, “Grom”, “Polovchanka” singari erta pishar va serhosil g‘alla navlarini yetishtirdi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
Viloyatda o‘rim-yig‘imga alohida hozirlik ko‘rilib, barcha yumushlar uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Mavjud g‘alla maydonlari mavsumga puxta tayyorlanib, 320 otryadga mavjud kombaynlar biriktirildi. 320 o‘rim texnikasi operatori va ularning yordamchilari uchun zarur1 qulayliklar yaratildi. Yirik harakat va katta mehnat evaziga yetishtirilgan donni nes-nobud qilmay qabul punktlariga tashish uchun 1390 dan ortiq texnika jalb etildi.
Shartnoma rejasining qisqa kunlarda ortig‘i bilan bajarilishiga Termiz, Denov, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo kabi tumanlar fermerlari ayniqsa, salmoqli hissa qo‘shdi. Vohada hosili yig‘ishtirib olingan 87 ming gektardan ortiq maydonning har gektaridan o‘rtacha 50-55 sentnerdan xirmon ko‘tarildi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Qumqo‘rg‘on mo‘jizasi”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mehnat Rohat Tajriba”, “Chashmai Obi Ravon”, Sherobod tumanidagi “Abdimurod Omad Fayz”, “Sherlar makoni” singari omilkor fermer xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 65-70 sentnerdan yuqori bo‘ldi.
Viloyatda doni yig‘ishtirib olinmagan 8 ming gektarga yaqin g‘allazorda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom ettirilib, hosildan bo‘shagan dalalar somoni peshma-pesh yig‘ishtirib olinmoqda. Sifatli shudgor qilinayotgan maydonlarning bir qismiga kartoshka, poliz, kungaboqar, yeryong‘oq, mosh va boshqa oziq-ovqat hamda ozuqabop ekinlar urug‘i qadalmoqda.
Izoh (0)