O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovi bu gal tamomila yangicha shaklda va yuqori saviyada o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
—O‘rganishlarimizga qaraganda tanlov g‘olibligiga, asosan, sanoat yo‘nalishidagi tadbirkorlar g‘olib bo‘lgan, — deydi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov. — Adolat tamoyilini ta’minlash maqsadida yangi “Xizmat ko‘rsatish sohasida eng yaxshi tadbirkor” hamda “Eng yaxshi yosh tadbirkor” kabi nominatsiyalar ham tashkil etilib, asosiy nominatsiyalar soni beshtaga yetkazildi.
Bu yilgi tanlovning hududiy, ya’ni tuman bosqichiga iyul oyida start berilib, joylarda yuqori saviyada tashkillashtiriladi. Yakuniy bosqich esa poytaxtdagi nufuzli ko‘rgazmalar majmualaridan birida, bayramona ruhda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi kuz oylarida bo‘lib o‘tadi. Unda barcha ishtirokchilar qamrab olinib, milliy iqtisodiyot rivoji yo‘lidagi xizmatlari munosib e’tirof etiladi.
Izoh (0)