1-iyulga qadar Toshkent, Nukus va viloyat markazlarining barcha kompaniyalari onlayn-kassalarga o‘tishi lozim. Bu prezidentning 2017-yil 29-sentabr kungi qarorida ko‘zda tutilgan, deb yozadi Spot.
Yil boshida onlayn kassalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha pilot loyiha ishga tushirilib, loyiha davomida tadbirkorlarga mingga yaqin onlayn-kassa tarqatilgan.
“Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining joriy etilishi savdo qoidalarini yaxshiroq tartibga solish va soliq nazoratini avtomatlashtirishga yordam berib, bu jarayonlar shaffofligini oshirishi lozim”, — deyiladi Davlat soliq qo‘mitasining xabarida.
Bunday kassalar cheklarida xarid qilingan tovarlar ro‘yxati, uning narxi, miqdori, chek va kassa apparatining raqami, ish smenasi raqami, qo‘shimcha qiymat solig‘i summasi ko‘rsatiladi. Operatsiyalar haqidagi ma’lumot esa soliq xizmati organlariga avtomatik ravishda yuboriladi.
Internet sifati yomon bo‘lgan alohida mintaqalarda ma’lumotlar avtomatik rejimda SMS tarzida uzatiladi. Pilot loyiha 1-iyul kuni yakunlanadi. Kompaniya onlayn-kassasiz ishlashda davom etayotganligining aniqlanishi javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qonunbuzilishi sifatida ko‘rib chiqiladi.
1-dekabrdan esa nafaqat barcha kompaniyalar, balki O‘zbekiston hududidagi barcha jismoniy shaxslar onlayn-kassalar bilan ishlashi shart. Qonunchilikka ko‘ra, naqd pul hisob-kitoblarini kassalardan foydalanmasdan amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan, shuningdek, telekommunikatsiyalar bilan qamrab olinmagan chekka punktlarda ishlovchi kompaniyalar bundan istisno.
Izoh (0)