Pew tadqiqotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov amerikaliklarning atigi 40 foizi hoziroq yoki kelajakda kosmosga uchishga tayyor erkanini ko‘rsatgan. Ularning atigi 18 foizi odamni Marsga jo‘natishni xohlaydi. So‘rov ishtirokchilarining aksariyati NASA’ni qo‘llab-quvvatlaydi hamda kosmosni o‘rganish va o‘zlashtirish AQSh uchun ustuvor yo‘nalish, deb hisoblaydi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Joriy yilning iyul oyida AQShning aerokosmik agentligi bo‘lgan NASA 60 yoshga to‘ladi. Shu vaqt ichida amerikalik muhandislar va olimlar kosmosga yuzlab astronavtlarni jo‘natishga, ko‘plab sun’iy yo‘ldosh va sayyoralararo zondlarni uchirishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning ko‘plari Marsni va Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralarni o‘rganishda davom etmoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, AQSh aholisining 72 foizi kosmosda yetakchilik mamlakatning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qoladi, deb hisoblaydi, taxminan uchdan ikki qismi esa bu vazifani NASA ishtirokida bajarish mumkinligiga ishonadi. So‘rov ishtirokchilarining uchdan bir qismigina SpaceX va boshqa xususiy kompaniyalar kosmosni davlat ishtirokisiz o‘zlashtira oladi, deb sanaydi.
Izoh (0)