Vogue jurnalining Saudiya Arabistoni uchun chiqaradigan versiyasi iyun sonida qirollik malikasi Xayfa bint Abdulla as-Saudning mashina rulidagi surati chop etildi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Surat orqali nashr mahalliy ayollarning mashina haydashiga taqiqning olib tashlanishini qo‘llab-quvvatlagan.
Suratda Xayfa bint Abdulla as-Saud qizil kabrioletda haydovchi o‘rindig‘ida o‘tirgani aks etgan. Muqovada “Harakatlantiruvchi kuch” deb yozilgan. Malika Vogue jurnaliga bergan intervyusida Saudiya Arabistonida hanuz konservatorlarning ko‘pligi, biroq u o‘zgarish va yangiliklarni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Jurnal tahririyati saudiyalik ayol bilan birgalikda taqiqning bekor qilinishini nishonlashini aytgan.
Ko‘pchilik Vogue’ning iyun soni muqovasini tanqid qilgan. Jurnalda ayollarning mashina haydashiga bo‘lgan taqiqni bekor qilish uchun kurashgan va hibsga olingan siyosiy faollar tilga olinmagani uchun Vogue ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tanqidiga uchragan. Hattoki ayrimlar muqovadagi malikaning yuzini hibsga olingan siyosiy faollarning yuziga almashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning sentyabrida Saudiya Arabistoni qiroli ayollarga mashina haydashga ruxsat berish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkan.
Izoh (0)