Matiz avtomobili olib qochilgani haqidagi xabar Toshkent shahrida bir zumda barcha YPX postlariga kelib tushdi. Bu haqda IIBB axborot-multimedia markazi ma’lum qildi.
Barcha nazoratchilar qatori YPX brigadasining 3-divizioni mobil guruhi inspektori Dilshod Jo‘rayev “Nazarbek” postidan o‘tayotgan mashinalarni sinchiklab tekshirar ekan, qidiruvdagi mashinani darrov payqadi va unga to‘xtash buyrug‘ini berdi.
Biroq, YPX xodimiga bo‘ysunmagan jinoyatchi tezlikni oshirib, harakatni davom ettirdi. Shunda inspektor avtomobil kapot ustiga o‘zini otadi, biroq sodir etgan jinoyatining jazosidan qo‘rqqan qonunbuzar mashina rulini turli tomonga burib, xodimdan qutilmoqchi bo‘ladi. Mashinaning qisqa burilishlari oqibatida yiqilib tushgan xodim esa tan jarohatini oldi. Biroq jinoyatchi boshqa xizmatdoshlar tomonidan baribir qo‘lga olindi.
Ushbu holat yuzasidan, Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan muqaddam sudlangan, 1985-yilda tug‘ilgan Sh.Shukurga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan 11 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.
Izoh (0)