Yevropa hisob palatasining xabarlariga qaraganda, Yevropa ittifoqida qonuniy yashaydiganlarning 18 foizi, ya’ni 90 million kishi — birinchi yo ikkinchi avlod muhojirlari. Bu haqda “Vestnik Kavkaza” xabar berdi.
Aholining 4 foizi, ya’ni 21 million kishi birinchi avlod qonuniy muhojirlaridir. Agar ikkinchi avlod muhojirlari ham hisobga olinadigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 18 foizni tashkil etadi. Hisob palatasining ma’lumotlariga qaraganda, ommaviy muhojirlik mamlakatlarning aholi tarkibini o‘zgartirishda davom etmoqda.
Yevropa Ittifoqi yangi muhojirlarni qabul qilib ma’lum qiyinchiliklarga duch kelayotgani ma’lum qilingan. Aytilishicha, muhojirlik yo‘li bilan ko‘chib kelib qochoq maqomiga da’vo qilayotganlar soni ortib bormoqda. Yevropa Ittifoqida fuqaroliksiz yashab kelayotganlar 39 foizni tashkil qiladi.
Palata tadqiqotlarida ikkinchidan yuqori avlod hisobga olinmagan. Vaholanki, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaga bir necha o‘n yillar davomida Shimoliy Afrika, Janubiy va Kichik Osiyodan muhojirlar ko‘chib kelgan. Hisobotda, shuningdek, noqonuniy muhojirlik ham e’tiborga olinmagan. Aslida noqonuniy muhojirlar soni katta, masalan, Buyuk Britaniyada — milliondan ortiq.
Ma’lumotlarga qaraganda, muhojirlik asosan 5 ta mamlakatda kuchaygan: Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya. Bu mamlakatlarda Yevropa Ittifoqi muhojirlarining 77 foizi yashaydi. Ommaviy ko‘chib kelishga qarshi kurashgan Vengriya va Polshada muhojirlar deyarli yo‘q.
Izoh (0)