Farg‘ona shahrida nogironligi bor shaxslar va ehtiyojmand oilalarga yangi uy-joylar topshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
Nogironligi bo‘lgan 10 nafar fuqaroga Farg‘ona shahrining Jomiy mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uy-joylardan xonadonlar bepul topshirildi.
Har biri 36 xonadonli bo‘lgan ikkita 3 qavatli uyning qurilish-ta’mirlash ishlariga 6 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish 6 oy davom etib, “Global vodiy biznes” MChJ tomonidan olib borilgan.
Yana 9 ta xonadon nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul berilishi rejalashtirilgan.
Uylar yonida “Far Mohinur tekstil” MChJ faoliyati tashkil etilib, 35 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yangi korxonaga mazkur uylarda yashovchi kam ta’minlangan oila a’zolari, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga olinadi.
“Yangi uch xonali uy kalitini qabul qilib oldim. Shu kungacha 3 nafar nogiron farzandim bilan ijarada yashar edim. Prezident sovg‘asi sifatida yangi uy, mebel va oshxona jihozlariga ega bo‘lganimdan ko‘z yoshlarimni yashira olmadim”, – deydi yangi xonadon egalaridan biri Mavluda O‘rmonova.
Izoh (0)