O‘zA muxbiri germaniyalik velosayyoh Maks Valterning O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini e’lon qildi. Quyida material ayrim qisqartirishlar bilan havola etiladi.
Germaniyalik Maks Valter bilan tasodifiy suhbatimiz Toshkentdagi Abulqosim madrasasida bo‘lgandi.
O‘shanda madrasada joylashgan hunarmandlarning mehnat mahsullarini ko‘zdan kechirayotgan xorijlik odam “Juda yaxshi-a?”, dedi o‘zbek tilida. Negadir u bilan suhbatlashgim keldi. Shuni kutib turgan ekanmi, yonimda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida nemis tili bo‘yicha ta’lim olgan hamkasbim Dilnoza mehmon bilan so‘rashib, bizni tanishtirdi. Xorijlik mehmonning fikrlari e’tiborimni tortdi.
Bolaligimdan jahongashtalikni yoqtiraman. Bir necha yil burun ko‘nglim yana sayohatni tusab qoldi. Shu bois tez kunda biron davlatga chiqishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Yevropa shaharlarini 12 yoshimdan beri chiqaverganimdan, ko‘p ko‘rganman. Okean ortiga ham, hattoki muzliklar o‘lkasi Antarktida yaqiniga dovur borib keldim. Meni Qora qit’adan piramidalari bilan millionlab sayohlarni o‘ziga jalb qiladigan Misrdan ham ko‘proq qadimgi an’analari, ko‘hna bozorlari bilan mashhur bo‘lgan olovrang qit’a — Osiyo o‘ziga chorladi.Aytishlaricha, sharqliklarda mehr-oqibat biz, yevropaliklarga qaraganda ancha kuchli ekan. Fliegen & Sparen jurnalini varaqlar ekanman, sayohatga velosipedda chiqsam-chi, degan fikr miyamga keldi. Axir bu sog‘lik uchun juda foydali-da. Xuddi o‘zimdek sarguzasht ishqibozi bo‘lgan tengqurim, qo‘shnim Ottoga bu haqda aytdim. U o‘ylab o‘tirmasdan taklifimni ma’qulladi. Ikkimiz yo‘l tadorigini boshladik. Bu orada Ottoning o‘g‘li va qizi, hafta o‘tmasdan bir guruh yoshlar safimizga qo‘shildi. Bir oy o‘tib, yo‘lga tushdik. Dastlab kemada Fors ko‘rfazi orqali Eronga kirgach, shu yerdan velosayohatni boshladik. Eronni obdon aylangunimizcha, bir hafta o‘tdi. Keyingi manzil Turkmaniston bo‘ldi. Poyoni yo‘q sahrolardan o‘tib, O‘zbekiston tomon oshiqdik. Ummondan juda olisda joylashgan yurtga kechga yaqin kirib keldik. Qadimiy Xivaga kelganimizda bizni mahalliy aholi vakillari iliq kutib oldi. Men sizga aytsam, o‘zbeklar ummondan uzoqda yashasa-da, qalbi ummondek keng xalq ekanini o‘shanda bildim. Xalqingizning olis tarixiyu boy madaniyati, necha minglab allomalarga beshik bo‘lgan yurtingiz to‘g‘risida qancha ko‘p gapirmay, adog‘iga yetish qiyin. Bularning barchasi hayratlanarli. Milliy qadriyatlar aslida millatning “pasporti” hisoblanadi. O‘zbeklarga xos bo‘lgan yana bir jihat meni tamomila lol qoldirdi. Bunga nafaqat poytaxt — Toshkentda, balki mamlakatning boshqa shaharlarida ham guvoh bo‘ldim. Toshkent ko‘chalarida turli millat vakillarini uchratib, ularni men kabi sayyohlar, deb o‘ylabman. Keyin bilsam, ular shu yerda tug‘ilgan va shu zaminda umrguzaronlik qilayotgan yurtingiz fuqarolari ekan. Koreys millatiga mansub Vitaliy Kim, tatar Rashid Fatxulin, belorus Albert Glebovich va hatto nemis millatiga mansub Aleksandr Verner bilan yaqindan tanishishga ulgurdim. Bu yurt haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Eng asosiysi, ayni paytda dunyoning turli burchaklarida millatlararo nizolar, dinlararo to‘qnashuvlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay borayotgan O‘zbekistonda turli millat vakillarining tinch-totuv, ahil va inoq yashashi uchun barcha sharoit yaratilganiga guvoh bo‘ldim.
Bilasizmi, yana bir ikki yildan so‘ng xorijga safar qilmoqchi bo‘lsam, o‘ylab o‘tirmayman borar manzilim – yana O‘zbekiston bo‘ladi.
Izoh (0)