Malayziya parlament saylovlarida mamlakat mustaqillikka erishgandan beri ilk marotaba (so‘nggi 60 yil ichida birinchi marta) “Pakatan Harapan” muxolifat koalitsiyasi (“Umid alyansi”) g‘alaba qozondi. Bu haqda 9-may, chorshanba kuni “Channel NewsAsia” xabar berdi.
Muxolifatning g‘alabasi sababli hukumatni boshqarayotgan “Barisan Nasional” (“Milliy front”) partiyasi mamlakat parlamentida ustunlikni yo‘qotdi. “Barisan Nasional” bir necha o‘n yillar davomida Malayziya siyosiy doiralarida yetakchilik qilgan.
Matbuot anjumani davomida muxolifat yetakchisi, Malayziya sobiq bosh vaziri Moxatxir Muhammad “Pakatan Harapan”ning saylovda yutib chiqqanini “yorqin g‘alaba” deb atadi.
Bosh vazir lavozimini 92 yoshli Moxatxir Muhammad egallashi kutilmoqda. U 1981–2003-yillarda Malayziya hukumatini boshqargan. Moxatxir Muhammad matbuot anjumanida yangi saylanadigan bosh vazir 10-may kuni qasamyod qilishini ma’lum qilgan. Biroq saylovlardan oldin hukumatni boshqarishni istamasligini aytgan.
Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, bosh vazir nomzodini Malayziya qiroli sulton Tuanku Muhammad V Faris Petra tasdiqlashi kerak.
2013-yil saylovlarida muxolifat koalitsiyasi parlamentda o‘z o‘rnini mustahkamlagan, biroq ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritmagani uchun hukumatni egallamagan.
Saylovdagi mag‘lubiyat tufayli Malayziyaning hozirgi bosh vaziri Najib Razzoq iste’foga chiqadi. U 2009-yili bosh vazir etib saylangan. 2016-yili milliy sarmoya fondidan 700 million AQSh dollarini o‘zlashtirgani uchun korrupsiyada ayblangan.
Izoh (0)