Vazirlar Mahkamasining 3-maydagi 333-son qarori bilan Suzish sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi hamda budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan basseynlarda shug‘ullanish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
Suv sporti qanday rivojlantiriladi?
Birinchidan, ushbu sohada oltita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga oluvchi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi:
- suzish sport turi bo‘yicha o‘quv-metodik bazani takomillashtirish;
- suzish sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash ishlari samaradorligini oshirish;
- mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni takomillashtirish;
- suzish bo‘yicha sport inshootlaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
- basseynlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
- OAV, internet tarmog‘ining imkoniyatlaridan foydalangan holda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish.
Ikkinchidan, barcha budjet basseynlarini xalqaro talablarga mos sport anjomlari va uskunalari bilan ta’minlash rejalashtirildi.
Uchinchidan, suv sport turlari bo‘yicha barcha trenerlar majburiy tartibda malaka oshiradi va qayta tayyorlash o‘quv kurslaridan o‘tadi.
To‘rtinchidan, hududlarda joylashgan davlat ta’lim muassasalarining basseynlari 3 oy muddatda xatlovdan o‘tkaziladi. Uning yakunlari bo‘yicha davlat va xususiy sheriklik asosida foydalanishga beriladigan basseynlar ro‘yxati tuziladi.
Budjet basseynlari haqidagi barcha ma’lumotlar (manzili, ish vaqti, xizmat turlari, narxlari) internet tarmog‘iga joylashtiriladi.
Budjet basseynlarida bir marta yoki sog‘lomlashtirish guruhlariga qatnash yo‘li bilan shug‘ullanish mumkin. Ular aholini suv sporti mashg‘ulotlariga keng jalb qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
Shug‘ullanish istagini bildirgan barcha shaxslar, 7 yoshdan boshlab (chuqurligi 1 metrdan ortiq bo‘lmagan basseynlarda — 4 yoshdan boshlab) sog‘lomlashtirish guruhlariga qabul qilinadi.
Guruhlardagi mashg‘ulotlar pullik bo‘lib, 45 daqiqa davom etadi. To‘lov miqdori basseyn rahbariyati tomonidan yuqori turuvchi tashkilot bilan kelishgan holda belgilanadi.
Izoh (0)